Xitoyning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Shanxi Rural Credit Cooperatives bankining ikki rahbari o‘z xodimlarining kaltaklangan videosi taqralib ketganidan keyin ishdan haydaldi. Bu haqda South China Morning Post nashriga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
“Jenmin jibao” gazetasi Facebook’dagi sahifasiga bank xodimlarining omma oldida kaltaklangan videosini joylashtirdi.
Video lavhada mikrofon ushlab olgan “Shanxay yetakchilik akademiyasi” mutaxassisi Szyan Yan bank xodimlarining malakasini oshirish uchun o‘tkazilgan treningdan so‘ng to‘rt nafar erkak va to‘rt nafar ayolni sahnaga olib chiqib, ularning treningda past ko‘rsatkichga ega bo‘lganining sababini so‘radi. Xodimlar esa ularga o‘z vazifasini uddalash uchun xalal bergan omillarni sanab o‘tdi. Savoliga javob olgan mutaxassis bank xodimlarini birin-ketin katta chizg‘ich bilan kaltakladi. Ayol xodimlardan biri kaltak o‘ta kuchli bo‘lgani uchun o‘z joyidan qo‘zg‘alib ham ketdi.
Bundan tashqari, o‘z nomini sir tutgan bank xodimlaridan birining aytishicha, kaltaklardan tashqari treningda o‘zini yaxshi namoyish qila olmagan 16 nafar xizmatchining sochi qirib tashlandi.
Mazkur video tarqalib ketganidan so‘ng, Szyan Yan o‘z qilmishi uchun ommaviy ravishda uzr so‘radi. Biroq mutaxassisning fikricha, bunday xatti-harakatlar “ongni oshirish uchun qo‘llanadigan eng samarali usullardan biri”.
Izoh (0)