O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 8-iyundagi qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish maqsadida dori vositalari va tibbiy buyumlar olib kirish hamda mamlakatdan olib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi. Bu haqda, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi matbuot xizmatiga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Nizomda, agar tegishli hujjatlar mavjud bo‘lsa, yetti kunlik ehtiyojdan oshmaydigan miqdorda narkotik vositalar olib kirishga ruxsat etiladi. Bunda fuqaroning yashash mamlakatidagi tibbiy muassasa taqdim etgan, davolanish kursi uchun tavsiya etilgan miqdorni tasdiqlovchi hujjat talab qilinadi.
Shuningdek, psixotrop moddalarni yuqorida ta’riflangan hujjatsiz olib kirishga ruxsat etiladi. Bunda olib kirilayotgan psixotrop moddalarning umumiy miqdori har biri ikki o‘ramdan bo‘lgan besh nomlanishdagi vositalardan oshmasligi kerak.
Bojxonadan o‘tishda jismoniy shaxslar yonidagi narkotik vositalar va psixotrop moddalarni deklaratsiyada aks ettirishi shart.
Boshqa turdagi dori vositalarining mamlakatga olib kirilishi uchun bunday hujjat talab etilmaydi. Bunda olib kirilayotgan dori vositalarining umumiy miqdori har biri besh o‘ramdan bo‘lgan o‘n nomlanishdagi vositalardan oshmasligi kerak. Olib kirilayotgan tibbiy buyumlar miqdori beshtadan oshmasligi lozim.
Izoh (0)