O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi plenumining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar, deputatlar, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning mas’ul xodimlari, huquqshunos olimlar, sudyalar va videokonferensaloqa tizimi orqali joylardagi xo‘jalik sudlari vakillari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Majlisda Oliy xo‘jalik sudi plenumining “Davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjatlarini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish, mansabdor shaxslarning shunday harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi nizolarni hal etishda qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarori loyihasi muhokama etildi.
Sudlarga yuridik shaxslar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga noqonuniy aralashgan, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilgan har bir holat bo‘yicha davlat organlari mansabdor shaxslarining qonunda belgilangan javobgarligi masalalarini hal etishlari tushuntirildi. Qonunbuzilishi holatlarini keltirib chiqargan sabablar va sharoitlarni o‘rganib, xususiy ajrimlar chiqarish orqali tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish lozimligiga e’tibor qaratildi.
Majlisda ko‘rib chiqilgan masala tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali ishonchli himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Qaror xo‘jalik sudlari tomonidan ushbu toifadagi ishlarni ko‘rishda qonunchilik hujjatlari to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Izoh (0)