11-iyunga o‘tar kechasi 100 ga yaqin kishi Ukrainaning Moskvadagi elchixonasi yaqinida to‘planib, uning hududiga tuxum va boshqa narsalar ota boshladi. Shundan so‘ng ular tezda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, deb xabar beradi “Gazeta.ru”.
Huquq-tartibot vakillari aksiya davomida ixtilofli vaziyatlar yuzaga kelmagani va politsiya hech kimni qo‘lga olmaganini bildirib o‘tdi. Shuningdek, voqea joyiga hech qanday bo‘linmalar yuborilmadi.
“Barchasi juda tez bo‘ldi, bir necha daqiqa ichida. Bino qorovuli sukut saqladi. Politsiyaga murojaatlar kelib tushmadi”, — dedi huquq-tartibot organlari vakili.
“TASS”, o‘z navbatida, u yerda 200 kishi to‘plangani ma’lum qilmoqda. Tuxumdan tashqari, missiya hududiga fayerlar uloqtirilgani, aksilukrain qichqiriqlari yangragani aytilmoqda. 20 daqiqa davom etgan aksiyaning biror ishtirokchisi politsiya tomonidan qo‘lga olinmadi.
Voqea joyida tushirilgan fotosuratlardan ma’lum bo‘lishicha, aksiya ishtirokchilari aksilukrain shiorlari yozilgan plakatlar ko‘tarib olgan edi.
Izoh (0)