Global iqtisodiy inqiroz tufayli oxirgi ikki yil ichida Birlashgan Arab Amirliklarida maktab ta’limi uchun to‘lovlar narxi keskin oshib ketib, ota-onalar farzandlarining tahsili uchun pul to‘lashda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda, deb xabar beradi “TASS”.
National gazetasida keltirilishicha, oxirgi ikki yilda maktab ta’limi uchun yillik to‘lov 2500 dollarga yetdi. Bunaqa sharoitda ota-onalar yo farzandlarining ta’limini to‘xtatishga, yoki yaxshi hayot qidirib mamlakatni tark etishga majbur bo‘lmoqda.
“O‘quv yili yakunlari barchani larzaga keltirdi, — dedi Dubaydagi English Language School buxgalteri Muhammad Bajva. — Hatto har doim vaqtida to‘lov kiritgan oilalar ham bu yil pul to‘lay olmadi. O‘n ikki yillik faoliyatim davomida birinchi marta buncha ko‘p kechiktirilgan to‘lov ko‘rishim”.
Ayniqsa kichik va o‘rta daromadli oilalar, birinchi galda chet el fuqarolari jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Ko‘pgina xorijliklar bolalarini o‘z yurtlariga qaytarib yuborishga majbur bo‘lmoqda.
Jumladan, Dubayning Pokiston uyushmasi tarqatgan bayonotda aytilishicha, joriy yilda shahardagi pokistonliklar jamoasining maktablar oldidagi qarzlarini yopishga 274 ming dollar ajratildi.
“Biz 41 bolani qarz bandiligidan qutqarib ulgurdik, — dedi uyushma rahbari Feysal Ikrom jurnalistlar bilan suhbatda. — Oxirgi kunlarda biz umumiy summasi 50 ming dollarni tashkil etadigan yana 54 so‘rov oldik”.
Izoh (0)