Facebook ijtimoiy tarmog‘i, uning asoschisi va bosh direktori Mark Sukerberg kompaniyani tark etgan taqdirda, o‘z korporativ boshqaruvi reglamentatsiyasini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
Kompaniya aksiyadorlari umumiy yig‘ini arafasida AQSh qimmatbaho qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga (SEC) topshirilgan materiallarda bu holat aks ettirildi. Yig‘in 2016-yilning 20-iyunida bo‘lib o‘tadi.
Kompaniya aksiyadorlarga taqdim etayotgan tashabbuslar sirasida direktorlar kengashining Sukerbergni, u bosh direktorlik lavozimini tark etgan taqdirda, ovoz berish kuchidan mahrum qilish taklifi ham bor.
“Bu biz asoschi boshqarayotgan kompaniya bo‘lishni to‘xtatganimizdan so‘ng asoschining nazorati ostidagi kompaniya bo‘lib qolmaslimizni kafolatlaydi”, — deyiladi materiallarda.
Agar Sukerberg rahbar lavozimni tark etsa, uning qo‘lidagi B toifasidagi (10 ta ovoz kuchiga ega) aksiyalar A toifasiga (1 ta ovoz kuchiga ega) o‘tkaziladi. Bu qadam Facebook’ni ovoz berish kuchi Sukerbergning avlodlariga o‘tishidan asrab qoladi.
“Joriy kelishuvga ko‘ra Sukerberg aksiyalarini meros qilib qoldira oladi, bu esa kompaniya nazorati avloddan avlodga o‘tishiga olib keladi”, — deyiladi hujjatda.
Ayni paytda Sukerberg B toifasidagi 419 million va A toifasidagi 4 million aksiyaga ega bo‘lib, uning qo‘lidagi paket 53,8 foizni tashkil etadi. Kompaniya asoschilaridan biri Dastin Moskovits o‘z paketi bo‘yicha ovoz berish huquqini bosh direktorga bergani inobatga olinsa, Sukerbergning nazorati ostidagi aksiyalar ulushi 60 foizga boradi. Shu bois aksiyadorlar amaldagi rahbar lavozimidan ketganidan so‘ng ham kompaniya ustidan nazoratni saqlab qolishidan cho‘chimoqda.
Bundan tashqari, direktorlar kengashi shu yo‘l bilan Sukerbergni kompaniyadan ketish va raqobatchilarga qo‘shilish fikridan qaytarmoqchi.
Izoh (0)