O‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov jamoasi kecha, 31-may kuni “O‘zbekiston” sport majmuasida sobiq futbolchi Azamat Abduraimov jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Mazkur shou uchrashuv Azamat Abduraimovning 50 yoshga to‘lishi munosabati bilan tashkil etildi. “Championat.asia”ning ma’lum qilishicha, uchrashuv 4:4 hisobida yakuniga yetdi. Penaltilar seriyasida esa Ermatov jamoasi 10:5 hisobida zafar quchdi.
Ravshan Ermatov jamoasi mutaxassis Noil Lutfullin, sharhlovchi Murod Rizayev, aktyor Alisher Uzoqov, referi Abduhamidullo Rasulov kabi o‘yinchilardan tashkil topgan bo‘lsa, Azamat Abduraimov jamoasida Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari Murod Aliyev, futbol mutaxassisi Shuhrat Maqsudov, xonanda Akbar, sobiq futbolchi Jafar Irismetov kabi o‘yinchilar to‘p tepdi.Tadbirda xonandalar Munisa Rizayeva, Umidaxon va “Sharq” guruhi o‘z qo‘shiqlari bilan ishtirok etdi.
Izoh (0)