2014-yilda 33 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan futbol bo‘yicha uch karra jahon chempioni, braziliyalik afsonaviy Pelening o‘g‘li Edinyo mahalliy “Agua Santa” jamoasining yangi bosh murabbiyi bo‘ldi. Bu haqda klub matbuot xizmatiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Edinyo giyohvandlik biznesiga aloqador ishlarda pullarni legallashtirishda aybdor deb topilib, 33 yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi. Keyinroq u ushbu qarorga apellyatsiya berdi va uni ko‘rib chiqish davrida ozodlikda bo‘lib turibdi.
2006-yilda Edinyo giyohvand moddalar sotuviga aloqasi borligi uchun yarim yil qamoqda o‘tirdi, keyin esa advokatlar uning aybsiz ekanini isbotladi.
Pelening o‘g‘li Braziliya chempionatida darvozabon ampluasida to‘p tepgan. U 1999-yilda, 29 yoshida futbolchilik faoliyatini yakunlagan edi. O‘shanda Edinyo mototsiklchining vafot etishiga sababchi bo‘lgan avtopoygalarda ishtirok etgani uchun 6 oyga qamalgandi. Keyinchalik Edinyoning xatti-harakatlari ehtiyotsizlik oqibatida amalga oshirildi, deb topilgan.
Ma’lumot uchun, “Agua Santa” o‘tgan mavsumda San-Paulu shtati yuqori divizionini tark etdi.
Izoh (0)