O‘zbekistonning iste’dodli tennischilaridan biri Temur Ismoilov Andijon shahrida bo‘lib o‘tgan, sovrin jamg‘armasi 25 ming dollardan iborat ITF turkumidagi tennis turnirining yakkalik bahslarida g‘olib bo‘ldi.
Xalqaro tennis federatsiyasi rasmiy saytining ma’lum qilishicha, Ismoilov final bahsida turnirning birinchi raketkasi, Xitoy Taypeyi vakili Ti Chenga qarshi bahs olib bordi. Ikki soatu 46 daqiqa davom etgan bellashuvda o‘zbekistonlik 21 yoshli tennischi 2:6, 7:5, 7:5 hisobida irodali g‘alabaga erishib, bosh sovringa ega chiqdi.
Taqqoslash uchun, 21 yoshli o‘zbekistonlik tennischi jahon reytingida 467, Ti Chen esa 224-pog‘onani egallab turibdi.
Musobaqaning juftliklar bahsida rossiyalik Markos Kalovelonis va hindistonlik Balaji Sriram dueti bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Izoh (0)