O‘zbekiston Prezidentining 13-maydagi farmoniga muvofiq tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti joriy o‘quv yilida 300 nafar talabani o‘qishga qabul qiladi. Bu haqda, “Gazeta.uz”ning xabar berishicha, yangi oliy ta’lim muassasasi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 13-maydagi qarorida so‘z boradi, qarorga O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov imzo chekkan.
Qarorga ko‘ra, bakalavriatga qabul qilinadigan dastlabki talabalarning 150 nafari davlat granti asosida, qolgan 150 nafari to‘lov-kontrakt asosida ta’lim oladi. Yo‘nalishlar bo‘yicha qabul kvotalari quyidagicha belgilangan:
- O‘zbek tili filologiyasi — 80 ta o‘rin (40 ta o‘rin — grant/40 ta o‘rin — kontrakt);
- O‘zbek tili va adabiyoti — 120 (60/60);
- O‘zbek-ingliz tarjima nazariyasi va amaliyoti — 100 (50/50).
Eslatib o‘tamiz, yangi universitet O‘zbekiston milliy universiteti (O‘zMU)ning o‘zbek filologiyasi fakulteti, Toshkent davlat pedagogika universitetining o‘zbek tili va adabiyoti fakulteti, shuningdek, Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti negizida tashkil etilmoqda.
Universitetga rektor etib 2015-yil iyunidan beri O‘zMUga rektorlik qilib kelgan filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov tayinlangan.
Izoh (0)