Kornell va Stenford universiteti tadqiqotchilari lazerli ko‘rsatgich bilan odamlarga ular bajarishni unutgan turli harakatlar haqida eslata oladigan robotni yaratdi, deb yozadi N+.
Qurilma shtativdan iborat bo‘lib, unga Kinect chuqurlik datchigi hamda lazerli ko‘rsatgichga ega kamera o‘rnatilgan. Kinect va kamera ma’lumotlarini o‘rganish hamda ko‘rsatgichni boshqarish bilan noutbuk shug‘ullanadi. Agar robotning ko‘rish maydonida kishi qandaydir standart harakatni amalga oshirayotgan bo‘lsa, qurilma qoldirib ketilgan harakatlarni aniqlashi va yetishmayotgan xatti-harakatga aloqador buyumga lazerli ko‘rsatgichni qaratishi mumkin.
Dastlab robot beshta turli oshxona va sakkizta ofisda yetti nafar ko‘ngillining xatti-harakatlarini kuzatdi. Buning asosida algoritm unutib qoldirilgan harakatni va u bilan bog‘liq buyumni mustaqil ravishda aniqlashni o‘rgandi. Masalan, u isitilgan taom unutib qoldirilgan mikroto‘lqinli pech, sovitgichga olib qo‘yilmagan sut, javonga qaytarib qo‘yilmagan kitob, kompyuter o‘chirilganidan so‘ng yoniq qolgan monitor kabilarga lazerli ko‘rsatgich bilan ishora qiladi.
Izoh (0)