Motor yog‘lari regeneratsiyasi bo‘yicha Uz-Prista Recycling O‘zbekiston-Bolgariya qo‘shma korxonasining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim Toshkent viloyatidagi “Angren” maxsus industrial zonasida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Videokonferensiya rejimida o‘tkazilgan hamda “O‘zbekiston neft va gazi” (OGU-2016) xalqaro ko‘rgazmasi va konferensiyasi ochilishiga moslangan marosimda O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari G‘ulomjon Ibragimov va Bolgariya bosh vaziri Boyko Borisov ishtirok etdi. Ular start tugmasini birgalikda bosgan holda zavodni ishga tushirdi.
Korxona yiliga 43 ming tonna foydalanilgan yog‘ni qayta ishlab, 30 ming tonna yog‘ ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Loyihaga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 30 million dollarga teng.
Marosimda qilgan chiqishida Bolgariya bosh vaziri loyihaning innovatsion ekanligini alohida ta’kidladi. Foydalanilgan motor yog‘i — tabiatni ifloslantiruvchi mahsulot, ammo bu mahsulot qayta ishlanib, dizel yoqilg‘isiga yoki yangi motor yog‘iga, shuningdek, asfaltga aylantirilishi mumkin. Bundan tashqari, yangi ishlab chiqarish yangi ish o‘rinlari demakdir.
Shuningdek, Boyko Borisov Bolgariya O‘zbekistonni eski hamkor sifatida ko‘rishini qayd qilib o‘tdi.
“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yanada rivojlanishidan umid qilamiz”, — dedi u.
Bir qator ikki tomonlama uchrashuvlarni o‘tkazish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Bolgariya delegatsiyasi tarkibiga, shuningdek, mintaqaviy rivojlanish vaziri va energetika vaziri o‘rinbosari kirdi.
Izoh (0)