Ispaniya fuqarosi Visente Egursegui Ortis Twitter mikroblogida qirol Filipp VI ga o‘lim tilangan izohni chop etgani uchun bir yarim yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu qarorni Ispaniya Milliy sud kollegiyasi 17-mart, seshanba kuni qabul qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Dastavval prokuratura unga ikki yillik muxlat so‘rayotgandi, ammo fuqaro aybini tan olgani bois jazo muddati bir yarim yilga qisqartirildi.
2014-yilning 20-mayida Ortis ijtimoiy tarmoqqa dafn transporti rasmini joylashtirib, “Bu biz qirolning debyutini ko‘rishni istaganimiz yagona Mercedes’dir”, deb yozdi.Shuningdek, u AQSh prezidenti Jon Kennedining o‘ldirilishi aks etgan videolavha ostiga “Letisiya (qirolning rafiqasi) yangi Jaklin Kennedi bo‘lishi mumkin”, — degan izoh qoldirdi.
Shuningdek, Visente Egursegui Ortis muntazam ravishda Ispaniya shimoli hamda Fransiya janubi-g‘arbidagi yerlarni qamrab oluvchi Basklar o‘lkasi mustaqilligi uchun kurashayotgan ETA (“Euskadi ta askatasuna” — “Basklar o‘lkasi va ozodlik”) ayirmachi tashkilotini ko‘kka ko‘tarib xabarlar yozar va fotosuratlar chop etardi.
ETA terrorchi tashkilotiga 1959-yilda asos solingan edi. Shu paytga qadar guruh jangarilari uyushtirgan teraktlarda 800 kishi halok bo‘ldi.
Izoh (0)