“Bavariya” yarim himoyachisi Frank Riberi Fransiya terma jamoasidagi faoliyatini qayta tiklash istagi yo‘q ekanini ma’lum qildi. 33 yoshli futbolchi 2014-yilda milliy terma jamoadan ketishga qaror qilgan va o‘z qarorini o‘zgartirmaydi, deb xabar beradi “Chempionat”.
O‘tgan haftada Fransiya terma jamoasi ustozi Didye Desham Yevro–2016 turniriga boradigan tarkibni hamda zaxira futbolchilar ro‘yxatini e’lon qilgan edi. Desham Riberini terma jamoaga boshqa futbolchilar o‘rniga chaqirish uchun hech qanday asos yo‘qligini aytib o‘tgandi.
“Didye Deshamga hech qachon murojaat qilmaganman. Shuning uchun uning gaplariga umuman tushunmadim. U faqatgina eng kuchli futbolchilarni tanlashi kerakligini aytgan edim, o‘zimning qaytishimga sha’ma qilmaganman. Fransiya termasi safida umuman o‘ynash istagim yo‘q. 2014-yilda ushbu sahifani ortda qoldirganman. O‘sha vaqtdan buyon faqatgina ‘Bavariya’dagi faoliyatim haqida o‘ylayman. O‘zimni erkin his qilib, futboldan zavq olyapman”, – dedi Riberi.
Ma’lumot uchun, Fransiya mezbonlik qiladigan Yevro–2016 turniri 10-iyundan 10-iyulga qadar bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)