Chechenistonda Sharoy tumanidagi Kenxi qishlog‘ida Rossiya prezidenti Vladimir Putinga videomurojaatida Ramzan Qodirov ustidan shikoyat qilgan Ramazon Jaloldinovning uyini yoqib yuborishdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.ru” “Chernovik” nashriga tayanib.
Jaloldinovning rafiqasi gapirib berishicha, taxminan yarim tunda ularning uyiga niqob taqqan odamlar kelgan va “ularni qutqarmoqchi” ekanligini aytgan. Uy egalarini mashinaga o‘tqazib, so‘ng ko‘prik tagiga tashlab ketgan.
“Uyga esa o‘t qo‘yishdi. Qishloq aholisiga bu mavzuda gapirish taqiqlandi, aks holda ularning ham uylari yonishini aytib tahdid qilishdi”, — dedi u.
Avvalroq “Chechenistonning Sharoy tumani fuqarosi Ramazon Jaloldinovning Ramzan Qodirovga shikoyati” nomi ostida videorolik paydo bo‘lgan edi. Jaloldinov yomon turmush sharoitlaridan noligan edi.
Bundan tashqari, u bunday muammolarga Checheniston rahbariyati e’tibor qaratmasligi haqida aytgan edi.
Izoh (0)