Rejissor Jahongir Ahmedov marhum onasiga bag‘ishlab, “Non” deb nomlangan filmni suratga olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda rejissor Facebook’dagi sahifasida xabar yozib qoldirgan.
Rejissorning hikoya qilishicha, u kollejni bitirib, San’at institutiga kirish uchun imtihon topshirganida, kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan. Biroq, oilasida yechimini kutayotgan talaygina muammolar borligi sabab, o‘qishga kirganini oila a’zolaridan yashirib, bozorda ishlay boshlagan.
Jahongir Ahmedovning onasi farzandi o‘qishga kirgani, biroq buni yashirganini bilib qolganidan so‘ng: ‘Sen hozir ishlashing emas, o‘qishing kerak. Otangni ham, meni ham bor umidimiz sendan. Qo‘shnilarga ham maqtanib yuribman, o‘g‘lim katta rejissor bo‘lib, kinolar oladi, premyeralariga bir avtobus bo‘lib boramiz’, deb”, — degan.
Jahongir Ahmedovning yozishicha, shu suhbatdan keyin kelasi yili u institutga davlat granti asosida o‘qishga kirgan. Ikkinchi kursda o‘qiyotganida esa onasi, kutilmaganda, yurak xurujidan vafot etgan. Institutni bitirganidan uch yil o‘tib, rejissor ilk filmi — “Uylanish”ni suratga olgan va premyeraga, xuddi onasi aytganidek, qo‘shnilarni bir avtobus qilib olib kelgan.
Jahongir Ahmedov o‘sha premyeradagi holati haqida shunday yozadi: “Ijodiy guruh tanishtirib bo‘lingach, so‘z menga berildi. Mikrofon oldiga keldimu, lekin bo‘g‘zimdan toshib kelayotgan yig‘i gapirishimga yo‘l bermasdi. Bir muddat jim qoldim. Keyin, bor kuchimni yig‘ib, mikrofonni qo‘limga oldim: — Men... birinchi filmimni onamga bag‘ishlayman. Bilaman, onam hozir shu yerdalar. O‘ylaymanki, film sizga yoqadi, oyijon!”.
“Oradan ancha vaqt o‘tdi. Ulg‘aydim. Onam haqida film qilaman deb anchadan beri ssenariy ustida ishlayapman. Film nomi — ‘Non’. Ha, film non haqida — onam yopgan non haqida”, — deb qo‘shimcha qildi Jahongir Ahmedov.
Izoh (0)