AQSh prezidenti Barak Obama sobiq davlat kotibi Hillari Klintonni hazil tariqasida o‘zining vorisi deb atadi. Bu haqda u 30-aprel, shanba kuni Oq uyda akkreditatsiyadan o‘tgan muxbirlar uyushmasining an’anaviy kechki ziyofati chog‘ida ma’lum qildi, deb xabar beradi “TASS”.
“Kelgusi yili bu yerda, o‘rnimda kimdir bo‘ladi va bu ayolning kimligini taxmin qilish mumkin”, — deya shama qildi kelgusi yil yanvarida prezidentlik muddati yakunlanadigan Obama. Sobiq birinchi xonim prezidentlik poygasida ishtirok etayotgan yagona ayol bo‘lib turibdi.
AQSh prezidenti yana bir nomzod — Donald Trampni ham nazardan chetda qoldirmadi. “Respublikachilar prezident bo‘lish uchun unda tashqi siyosat bobida tajriba yetarli emasligi haqida gapirishadi. Adolat nuqtai nazaridan e’tirof etish kerakki, u o‘tgan yillar davomida dunyo yetakchilaridan ko‘pi bilan uchrashgan. Masalan, Shvetsiya go‘zali, Argentina go‘zali, Ozarbayjon go‘zali va hokazo”, — deb kinoya qildi Obama.
Ma’lumot uchun, Donald Tramp 1952-yildan beri o‘tkazib kelinadigan “Koinot go‘zali” tanlovining egasi hisoblanadi.
Izoh (0)