Dunyodagi eng yirik suveren jamg‘arma bo‘lmish Norvegiya pensiya jamg‘armasi 2016-yilning birinchi choragini zarar bilan yakunladi. Bu tashkilotning 28-aprel kuni chop etilgan hisobotida aks etdi, deb yozadi “RBK”.
Yanvar–mart oylari orasida jamg‘armaning daromadi minus 0,6 foizni tashkil qildi.
2015-yilda besh yildan buyon kuzatilgan eng yomon ko‘rsatkichlar qayd etildi: ikkinchi va uchinchi choraklarda salbiy daromad ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan jamg‘arma yilning muvaffaqiyatli yakuni bois 2,7 foiz daromadga ega bo‘la oldi.
Birinchi chorakda daromadning minus ko‘rsatkichni qayd qilishi amalda jamg‘arma shu davr ichida 85 milliard krona yoki 10,4 milliard dollar yo‘qotdi degani. 31-mart kuni jamg‘arma aktivlarining umumiy qiymati 7,079 trillion kronani (853 milliard dollar) tashkil qilayotgan edi. 28-aprel holatiga ko‘ra bu ko‘rsatkich 7,043 trillion kronaga (kronaning dollarga nisbatan kursi o‘zgarganini inobatga olganda — 864 milliard dollar) teng bo‘ldi.
Jamg‘arma mutasaddilarining e’tirof etishicha, 2016-yilning dastlabki ikki oyida Xitoyda iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvi, yuan kursi atrofidagi noaniqlik, energiya tashuvchilar narxining tushishi va deflyatsiya xavfi tufayli bozorlarda sakrashlar kuzatildi. Martda esa vaziyat biroz yaxshilandi: XXR iqtisodiyoti borasida ijobiy ma’lumotlar kela boshladi, AQSh Federal zaxira tizimi esa monetar siyosatni ehtiyotkorroq yurita boshladi.
Jamg‘arma aktivlarining 60 foizi qimmatbaho qog‘ozlarga, 37 foizi investitsiyalarga, 3 foizi esa ko‘chmas mulkka to‘g‘ri keladi. Tashkilotning qimmatbaho qog‘ozlar bo‘yicha daromadi birinchi chorakda 2,9 foizga, investitsiyalardan daromadi 3,3 foizga, ko‘chmas mulkdan daromadi esa 1,3 foizga tushib ketdi.
G‘arbiy Yevropaning eng yirik neft ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Norvegiya neft narxining tushishi tufayli zarar ko‘rmoqda. 2016-yil boshida mamlakat hukumati jamg‘arma yaratilganidan buyon (1996) birinchi marta undan 25 milliard krona (3,1 milliard dollar) chiqarib oldi. Neft narxining pasayishi oqibatida krona qadrining tushishi yil boshidan beri jamg‘arma aktivlari narxini 286 milliard kronaga arzonlashtirib yubordi. Umumiy hisobda birinchi chorakda jamg‘arma aktivlari hajmi 400 milliard kronaga (50 milliard dollar) tushdi.
Izoh (0)