Yaponiyadagi xalqaro turnirda ishtirok etayotgan O‘zbekiston futzal terma jamoasi Vyetnam termasi bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi, deb xabar berdi O‘zbekiston futzal uyushmasi.
Bir kun oldin, 22-aprel kuni Vyetnam mezbon Yaponiyadan 0:7 hisobida yengilgandi. Qayd etish kerak, Yaponiya terma jamoasi Toshkent mezbonlik qilgan Osiyo Chempionatining chorak finalida Vyetnamdan mag‘lub bo‘lgandi. Kutilmaganda mundialdan chetda qogan Yaponiya Futzal Assotsiatsiyasi turnirga JChning 2 ta ishtirokchisini jalb qilgan.
2016-yilning 10-sentabr kuni Kolumbiyada start oladigan futzal bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etadigan O‘zbekiston terma jamoasi uchun Yaponiyadagi turnir tayyorgarlikning birinchi bosqichi hisoblanadi.
O‘zbekiston terma jamoasi xalqaro turnirning so‘nggi kunida 3 ochkoga ega bo‘lib turgan mezbon Yaponiya termasiga qarshi saf tortadi. Bellashuv 24-aprel sanasiga tayin qilingan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi bilan 2:2 hisobida durang o‘ynagan Vyetnam Osiyo Chempionatining yarim finalida Erondan 1:13, Tailand termasidan esa 0:8 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.
23-aprel, shanba
Izoh (0)