Angliya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Roy Xojson “Manchester Yunayted” klubi a’zosi Ueyn Runining nafaqat Yevro—2016 turnirida ishtirok etishi, balki jamoa sardori bo‘lib qolishini ma’lum qildi. Bu haqda “Chempionat” Goal nashriga asoslanib xabar berdi.
“Men Runini nafaqat sardorlik bog‘ichidan mahrum qilish, balki Yevro—2016 tarkibiga umuman kiritmaslik uchun birorta ham sabab ko‘rayotganim yo‘q”, — deb ta’kidladi Roy Xojson.
“Tushunaman, katta musobaqa oldidan tarkib borasidagi savollardan qutulib qolishning iloji yo‘q. Lekin nima uchun Runini tarkibga qo‘shmasligim kerakligini tushuna olmayapman. Ueyn ajoyib sardor va so‘nggi ikki mavsumni ko‘tarinki ruhda o‘tkazdi. U Yevro—2016 da ishtirok etadigan 23 nafar futbolchi ichida bo‘lishga to‘la haqli”, — deb Xojsonning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Goal.
Ueyn Runi joriy mavsum hisobidan “Manchester Yunayted” safida jami 35 ta o‘yin o‘tkazib, 14 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Faqatgina Angliya Premyer-ligasi tasnifida olinsa, Runining hisobida 24 ta o‘yindan keyin 7 ta gol bor. Yevro—2016 da Angliya terma jamoasining asosiy hujumchilari bo‘lishi kutilayotgan Harri Keyn 24 ta, Jeymi Vardi esa 22 ta gol urishga erishgan.
Ma’lumot uchun, 2003-yildan buyon Angliya milliy terma jamoasi safida 109 ta o‘yin o‘tkazgan Runi, 51 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Bosh jamoa safida eng ko‘p to‘p kiritgan futbolchi aynan Runi hisoblanadi.
Izoh (0)