Donorlik amaliyoti zamonaviy tibbiyotda muhim ahamiyat kasb etadi. Axir ko‘ngillilarning qoni minglab odamlarning hayotini asrab qolishga xizmat qiladi. Ammo buni hamma ham tushunavermaydi. Donorlikni bekorga vaqt ketkazish deb hisoblaydigan insonlarni qon topshirish punktiga borishga nima undashi mumkin? Shvetsiyaning bu boradagi tajribasi diqqatga sazovor. Bu haqda AdMe ma’lumot keltirdi.
O‘tgan yili Shvetsiyada tegishli soha mutasaddilari odamlarni qon topshirishga undaydigan ajoyib usul topilganini ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, odam klinikadan chiqishi hamon uning telefoniga minnatdorchilik izhor etilgan xabar keladi. Ikkinchi xabar esa uning qoni yordamida kimningdir hayoti saqlab qolinganida yuboriladi.
“Biz teskari aloqa o‘rnatib, donorlarga sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirishga qaror qildik. Biz ko‘ngillilarimiz qaytib kelishini istaymiz”, — deb izoh berdi bunga Stokgolm qon xizmatining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha menejeri Karolina Blom Viberg.
Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda odamlarning qon topshirgani va bu bilan kimnidir qutqarib qolgani haqida ma’lumot chop etilsa, bu uning do‘stlari orasida muhokamalarga va e’tirofga sabab bo‘ladi, deb hisoblamoqda soha mutaxassislari.
Izoh (0)