AQShning BMTdagi doimiy vakili Samanta Pauerning avtomobillar korteji Kamerun shimolida bolani urib yubordi. Bu haqda, The Washington Post nashri ma’lumotiga tayanib, “Gazeta.ru” xabar beradi.
Hodisa kichikroq Marua shahri yaqinida yuz berdi. Pauer u yerga qochoqlar lageriga tashrif buyurish uchun yo‘l olgan edi. Mahalliy aholining ko‘pchiligi Pauer avtokolonnasini kutib olish uchun yo‘lga chiqqanligi ta’kidlanmoqda. Kutilmaganda yetti yoshli bola yo‘lga otilgan va kolonnadagi oltinchi zirhli jipning g‘ildiraklari ostida qolgan.
Associated Press agentligining ma’lum qilishicha, avtomobil haydovchisi to‘xtagan, biroq AQSh maxsus xizmatlari ushbu joy xavfsiz bo‘lmaganligi uchun u yerni tark etishni talab qilgan.
Bola shifoxonaga yetkazilgan, unga kortejni kuzatib borayotgan tibbiyot xodimlari yordam ko‘rsatgan. Shunga qaramasdan, olgan jarohatlari tufayli bola hayotdan ko‘z yumgan.
Shundan so‘ng, Samanta Pauer bolaning oilasi bilan shaxsan uchrashib, ularga chuqur hamdardlik bildirgan.
Izoh (0)