O‘zbekiston hukumatining 15-aprel, juma kuni bo‘lib o‘tgan majlisida 2016-yilning birinchi choragida o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 8,5 foizga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar 14,4 foizga o‘sgani qayd etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Aytilishicha, 2016-yilgi investitsiya dasturi doirasida 368 ta yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlandi, ular bo‘yicha qurish va rekonstruksiya qilishga pudrat shartnomalari belgilangan tartibda tuzildi. Mahalliylashtirilgan mahsulotlarning 37 ta yangi turini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Hozirgi vaqtda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari o‘sishining qariyb 80 foizi iqtisodiyotning qayta ishlash tarmoqlari tomonidan ta’minlanayotganligi qayd etildi.
Shuningdek, majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlarining e’tibori xomashyoni jahon bozorida talab etilgan tayyor mahsulotga chuqur qayta ishlashning 3-4 bosqichli sikllariga o‘tishni nazarga tutuvchi 2020, 2025 va 2030-yillarga hisoblab chiqilgan sanoatning yetakchi tarmoqlarini rivojlantirish dasturlari loyihalarini ishlab chiqishni tugallash zarurligiga qaratildi.
Respublikaning bir qancha xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalari, viloyatlari va tumanlari hokimliklari rahbarlari oldiga 2016–2020-yillarda meva-sabzavot, go‘sht-sut mahsulotlarini, rangli va nodir metallarni chuqur qayta ishlash tadbirlari o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish va qabul qilingan maqsadli parametrlarga erishish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yangidan tashkil etilgan hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ma boshqarmalarning samarali ishlashini tashkil etish, shuningdek, tarmoq tuzilmalari bilan birgalikda mintaqalarning sanoat salohiyatini jadal rivojlantirish, joylarda yuqori qo‘shilgan qiymatli, shu jumladan, eksportga yetkazib beriladigan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni tashkil etishning dasturiy chora-tadbirlarini ishlab chiqish yuzasidan kompleks qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi.
Izoh (0)