Portugalyai madaniyat vaziri Joau Soaresh Facebook’dagi posting tufayli iste’foga chiqdi. Bu haqda, The Wall Street Journal nashriga asoslanib, “RBK” xabar bermoqda.
Ushbu postingda vazir uning faoliyatini tanqid ostiga olgan ikki jurnalistni topib, ularga “shifobaxsh” tarsaki tushirish niyatini bildirgan.
Keyinroq Soaresh bu so‘zlari uchun uzr so‘radi. Shunga qaramay, mamlakatda uni iste’foga chiqarishga bo‘lgan chaqiriqlar to‘xtamadi. Portugaliya bosh vaziri Antoniu Koshta Soareshning so‘zlari uchun yana bir bor uzr so‘rab, idora rahbarlari hukumat vakillari ekanliklarini unutmasligi lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, u tez orada madaniyat vazirligiga munosib nomzod topishga va’da berdi.
Soareshning so‘zlari Publico gazetasining ikki sharhlovchisi — Augustu Seabre va Vashku Pulidu Valentelarga yo‘naltirilgan edi. O‘tgan hafta Seabre maqolalaridan birida Portugaliya madaniyat vaziri o‘z vazifalarini bajarishga yetarli malakaga ega emasligini yozgan edi. Bundan tashqari, u Soaresh yuritayotgan siyosatni “tanish-bilishchilik, takabburlik va qo‘pollik” sifatida baholagandi.
Valente esa Soareshni na inson, na siyosatchi sifatida hurmat qilmasligini ta’kidlab o‘tgan edi.
Izoh (0)