Germaniyaning “Volfsburg” jamoasi bosh murabbiyi Diter Xekking “Real”ga qarshi (2:0) Yevropa Chempionlar Ligasi chorak final dastlabki uchrashuvidan so‘ng o‘yin haqidagi fikrlarini birdirib o‘tdi, deb xabar beradi “Chempionat”.
“Jamoa va muxlislarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Barchasi men o‘ylagandek bo‘ldi. Biz ‘Real’ning aynan asabiylashishini xohlagan edik. Kurashdik, harakat qildik, qaysidir vaziyatlarda omadimiz keldi, muxlislar bizni qo‘llab-quvvatladi. Bularning barchasi evaziga haqli g‘alabaga erishdik. Hozir yaxshi holatdamiz, ammo Madridda bizni nima kutayotganini tushunib turibmiz”, – deydi germaniyalik mutaxassis.
“Futbolda barcha narsaning imkoni bor ekanini ko‘rib turibsiz. Bizda ‘Real’ni YeChLdan chiqarib yuborish imkoniyati bor va undan foydalanishga harakat qilamiz. Bruno Enrike ushbu o‘yinda asosiy o‘yinchilardan biri bo‘ldi. Uni maydonga tushirib, ‘Real’ni hayron qoldirmoqchi bo‘ldik. Rejamiz amalga oshdi va u ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. Enrike nafaqat hujumda, balki himoyada ham yaxshi o‘ynadi va Marseloga qarshilik ko‘rsata oldi. Madridda bo‘ladigan o‘yinda qo‘rqmasdan o‘ynab, hech kim bizdan kutmagan natijaga erishish kerak. Men yarim finalga chiqishni xohlayman!”, – deya qo‘shimcha qildi Diter Xekking.
Ma’lumot uchun, “Real” va “Volfsburg” o‘rtasidagi javob o‘yini 12-aprel, seshanba kuni Madrid shahrida bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)