2016-yil 31-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi ochildi, deya xabar bermoqda O‘zA. Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo‘ldoshev boshqardi.
Senatorlar o‘z ishini “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqishdan boshladi. Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi hokimiyat tarmoqlarini bo‘lish konstitutsiyaviy prinsipini ro‘yobga chiqarishni davom ettirishda, ular o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va muvozanat tizimini yaratishda, Oliy Majlisning davlat hokimiyati organlari tizimidagi rolini kuchaytirishda, qonun ustuvorligini, qonuniylikni, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda qonunlari ijrosini ta’minlashda, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni ijro etish uchun ularning javobgarligini oshirishda muhim omil bo‘ladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng senatorlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlisning quyi palatasiga kiritilgan “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini (yangi tahriri) ko‘rib chiqdi. Buxgalterlarning jamoat birlashmalarini tuzish imkoniyati to‘g‘risidagi normaning qonunchilik yo‘li bilan mustahkamlanishi, senatorlarning fikricha, buxgalterlarning umumiy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ham ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)