Tailand janubida sodir etilgan terakt oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, 11 kishi jarohat oldi. Bu haqda, Reuters agentligiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Mamlakat qurolli kuchlari bergan axborotga qaraganda, tungi soatlarda Yaring munitsipal tumanida kamida o‘nta portlash amalga oshirilgan. Qo‘lbola portlovchi uskunalar bank, pochta, tuman ma’muriyati binolari oldida va boshqa joylarda harakatga keltirilgan. Hujum oqibatida 11 nafar patrul xodimi yaralangan, bir nafar tinch aholi vakili esa sartaroshxona yaqinidagi portlashda halok bo‘lgan.
“Barcha uskunalar kichik quvvatga ega edi. Aftidan, shu yo‘l bilan ayirmachilar mahalliy aholiga o‘zlarining borligini eslatib qo‘ymoqchi bo‘lgan”, — dedi mamlakat to‘rtinchi harbiy okrugi qo‘mondonligi matbuot kotibi o‘rinbosari Yutxanam Pxetmuang.
Tailandning Yala, Pattani va Naratxivat provinsiyalari “chekka janub” deb ataladi. U yerdagi qurolli ixtilof 11 yildan beri davom etmoqda. Tailanddan ajralib chiqib, islomiy sultonlik tashkil etish tarafdori bo‘lgan ayirmachi guruhlar o‘zlari davlat mafkurasi targ‘ibotchilari deb hisoblaydigan politsiya xodimlariga, harbiy xizmatchilarga va o‘qituvchilarga muntazam ravishda hujumlar uyushtiradi. Shu paytga qadar teraktlar va to‘qnashuvlarda jami 6,5 ming kishi qurbon bo‘ldi.
Izoh (0)