Rossiya davlat obligatsiyalari joylashtirilishida ishtirok etishni istayotgan G‘arb banklari rasmiylardan buning natijasida olinadigan mablag‘ sanksiyalar ostidagi kompaniyalarga tegmasligi kafolatini so‘ramoqda. Bu haqda “RBK”ga muzokaralar tafsiloti bilan tanish manba ma’lum qilgan, deya xabar beradi Meduza.
“Banklar bondlar joylashtirilishi tufayli olinadigan pullar sanksiya ostidagi kompaniyalarga berilmasligi kafolati haqidagi bandni Rossiya Moliya vazirligi bilan muhokama etgan. Mansabdorlar uni shartnomaga kiritishga rozi bo‘lgan”, — deya ma’lum qilgan Rossiya banklaridan biridagi manba. Rossiya moliya vazirining yordamchisi Svetlana Nikitina vazirlik bozor ishtirokchilari bilan muzokaralar borishiga izoh bermasligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Rossiya yaqin orada jami uch milliard yevro miqdoridagi davlat obligatsiyalarini joylashtirishni mo‘ljallamoqda va AQSh, Yevropa hamda Osiyo banklariga ularni xarid qilish bo‘yicha takliflar yuborgan. AQSh va YeI rasmiylari moliyaviy tashkilotlarga bu jarayonda ishtirok etmaslikni tavsiya qilgan.
Izoh (0)