Rossiya va AQSh Suriya prezidenti Bashar Asadning kelgusi taqdiri haqida kelishib olmagan. Bu haqda Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
“‘Al-Hayot’ gazetasi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotni chop etgan. Boshqa davlatlardan farqli ravishda, Rossiya na diplomatik, na boshqa yo‘nalishlar orqali uchinchi mamlakatlar, jumladan, Suriya taqdiri bilan bog‘liq masalalarni muhokama etmaydi”, — deya ta’kidlagan Peskov.
Gazeta BMT Xavfsizlik kengashidagi manbaga tayanib, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bir necha arab mamlakatlari yetakchilariga Rossiya bilan prezident Bashar Asad lavozimini tark etishi va boshqa davlatga ko‘chib o‘tishi xususida kelishib olinganini ma’lum qilganini bildirgandi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Suriya prezidenti Bashar Asad mamlakatda muddatidan avval prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga tayyor ekanligi haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)