Xitoylik olimlar dunyoda ilk bor klinik o‘lim holatidagi bemorga genetik modifikatsiyalangan cho‘chqa o‘pkasini ko‘chirib o‘tkazdi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Bemor 39 yoshli erkak bo‘lib, u insult sababli klinik o‘lim holatida bo‘lgan. Ko‘chirib o‘tkazilgan o‘pka immun tizim tomonidan darhol rad etilmagan. Bu esa hayvon organlaridan ksenotransplantatsiya maqsadida foydalanish samarali bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Transgen cho‘chqaning o‘pkasi ilgari hech qachon inson tanasiga ko‘chirib o‘tkazilmagan. Shu bois bemorning immun tizimi bunday jarayonga qanday reaksiya bildirishi noma’lum edi, deydi olimlar.
Ularning ta’kidlashicha, ko‘chirib o‘tkazilgan a’zo 216 soat davomida (9 kun) hayotiyligini va o‘z vazifasini bajarish qobiliyatini saqlab qolgan. Tadqiqotga Guanchjou Tibbiyot universiteti professori Xe Szyansin rahbarlik qilgan.
Uning jamoasi genomi o‘zgartirilgan cho‘chqalarni yaratishga ixtisoslashgan. Olimlar immun javobni qo‘zg‘atuvchi antigenlarni olib tashlash uchun CRISPR/Cas9 texnologiyasidan foydalangan. Shuningdek, odam tanasi hujayralarini “o‘zimiz” yoki “begona” deb ajrata oladigan oqsillarni kodlovchi genlarni qo‘shgan.
O‘pka transplantatsiyasi murakkab jarayon hisoblanadi, chunki organ doimiy ravishda havo va mikroblar bilan aloqada bo‘ladi. Bu esa tug‘ma hamda keyinchalik shakllanadigan immunitetni faollashtiradi. Genetik o‘zgartirishlar tufayli operatsiyadan so‘ng darhol kuchli rad etilishining oldi olingan
Shunga qaramay, uchinchi kuni shifokorlar cho‘chqa to‘qimalariga qarshi antitanalar, yallig‘lanish belgilari va immunitetga bog‘liq zararni qayd etgan. Bu holat transplantatsiya bemorlar uchun butunlay xavfsiz bo‘lishi uchun DNKni yanada mukammallashtirish zarurligini ko‘rsatdi.
Uzoq vaqt davomida ksenotransplantatsiya (hayvon a’zosini odamga ko‘chirish) imkonsiz hisoblanib kelgan, chunki immun tizimi begona to‘qimalarni rad etgan. 2010-yillarning boshlarida CRISPR/Cas9 texnologiyasining paydo bo‘lishi esa vaziyatni o‘zgartirdi. 2022-yilda amerikalik shifokorlar og‘ir xasta bemorga cho‘chqa yuragini birinchi marta ko‘chirib o‘tkazdi. Dastlab organ normal ishlagandek ko‘rinsa-da, ikki oy o‘tib bemor kutilmaganda vafot etdi. Bu voqea olimlarni rad etilishning oldini olish uchun yangi usullar izlashga undadi.
Izoh (0)