Litva poytaxti Vilnyus shahrida boks bo‘yicha 1998–1999-yillarda tavallud topgan yoshlar o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan xalqaro turnir o‘z nihoyasiga yetdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Olimpiada o‘yinlarida g‘oliblikka erishgan birinchi litvalik sportchi (1968-yil), uch karra Yevropa chempioni (1965, 1967, 1969-yillar) Dan Poznyak xotirasiga bag‘ishlanib 11-bor tashkil qilingan mazkur musobaqada Litva, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Rossiya, Fransiya, Qozog‘iston, Vengriya, Gollandiya, Gretsiya, Italiya, Polsha, Chexiya, Avstriya, Tunis, Germaniya, Isroil, Gruziya, Belarus, Estoniya, Ukraina va Latviya yoshlar terma jamoalari g‘oliblik uchun bahs yuritdi.
Mazkur musobaqa yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari 3 ta oltin va 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘lib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga oltin medallarni Shunqor Abdurasulov (-56 kilogramm), Sanjar Tursunov (-81 kilogramm) va Abdulla Xudorganov (+91 kilogramm) keltirgan bo‘lsa, Rorimsha Prosfor (-91 kilogramm) hamda Abu Nuranov (-64 kilogramm) bronza medali sovrindori bo‘ldi.
Izoh (0)