Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan Bahraynga qarshi JCh—2018 va Osiyo Kubogi—2019 saralash uchrashuvi oldidan sariq kartochkalar masalasida fikr bildirdi. Bu haqda “Championat.asia” xabar bermoqda.
O‘yinoldi matbuot anjumanida milliy termaning besh futbolchisida sariq kartochka borligini eslatgan jurnalistni Samvel Babayan xursand qilishga urindi: “Sizni xursand qila olaman, hozirgina OFK vakili bilan gaplashdim. Uning aytishicha, keyingi bosqichda sariq kartochkalar kuyib ketadi. Bahraynga qarshi o‘yinda ogohlantirish olmasak, hammasi yaxshi bo‘ladi”.
Ma’lumot uchun, Bahraynga qarshi saralash uchrashuvi oldidan O‘zbekiston milliy terma jamoasining besh nafar futbolchisi — Odil Ahmedov, Sardor Rashidov, Yegor Krimets, Javohir Sohibov va Islom To‘xtaxo‘jayev hisobida sariq kartochka bor. To‘xtaxo‘jayev Bahraynga qarshi o‘yinda maydonga tushmasligi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston — Bahrayn uchrashuvi 29-mart, seshanba kuni Toshkent vaqti bilan 18:00 da “Bunyodkor” stadionida boshlanadi.
Izoh (0)