Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan Gran-pri turkumiga kiruvchi yirik xalqaro musobaqada o‘zbekistonlik paralimpiyachilar 6 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Dunyoning 50 ga yaqin davlatidan kelgan 600 nafardan ziyod sportchi ishtirokida o‘tgan mazkur nufuzli musobaqada o‘zbekistonlik Ma’rufjon Murodullayev 400, 800, hamda 1500 metr masofaga o‘tkazilgan yugurish musobaqalarining barchasida marra chizig‘iga birinchi bo‘lib yetib kelib, bir yo‘la uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Yugurish musobaqalarida, shuningdek, London–2012 yozgi Paralimpiya o‘yinlarining ishtirokchisi Miran Saxatov 200 metr masofaga, Mansur Abdurashidov esa 100 metr masofaga yugurish bahslarida barcha raqiblarini ortda qoldirib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Mansur Abdurashidov 200 metr masofaga bo‘lib o‘tgan yugurish bahslarida ham ishtirok etib, kumush medal sovrindori bo‘ldi. Yugurish sektorida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan yana bir sportchi Sirojiddin Norov 800 metr masofaga o‘tkazilgan musobaqada uchinchi o‘rinni egalladi.
Bundan tashqari, Nozimaxon Qayumova nayza otish bahsida 42,79 metr natija bilan oltin, yadro irg‘itish musobaqasida esa 11,95 metr natija bilan kumush medal sohibasi bo‘ldi. Shuningdek, nayza otish sektorida qatnashgan Natalya Semyonova 14,17 metr natija bilan kumush medaliga, balandlikka sakrash sektorida ishtirok etgan Omadbek Hasanov 1,70 metr ko‘rsatkich bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunga kelib o‘zbekistonlik paralimpiyachilar Rio–2016 Paralimpiya o‘yinlariga jami 24 ta yo‘llanmani naqd qilib qo‘ygan bo‘lsa, shulardan 10 tasi yengil atletikachilar hisobiga yozilgan.
Izoh (0)