O‘zbekistonlik yosh internet foydalanuvchilari Navro‘z bayramining nishonlanishi munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlarda #NavrUZ heshtegini dunyo trendiga olib chiqishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “E-yoshlar.uz” sayti tarqatgan xabarnomada aytildi.
Aksiyani yaqinda dunyo trendiga chiqarilgan #Navoiy575 va #BoburDay heshteglarini tashkil etgan faol yoshlar guruhi uyushtirmoqda. Ular #NavrUZ heshtegini ham butun jahon internet foydalanuvchilari o‘rtasida targ‘ib qilib, sanani internet sayli formatida nishonlashni ko‘zlamoqda.
Loyiha doirasida viloyatlar hamda Toshkent shahridagi istirohat bog‘lari, sayilgohlarda o‘tkaziluvchi ommaviy ko‘ngilochar tadbirlarning qamrab olinishi, onlayn tarzda yoritib borilishi aytilmoqda.
21-martda kun davomida Toshkent shahridagi “Mirzo Ulug‘bek”, “Bobur”, “Abdulla Qodiriy”, “G‘afur G‘ulom” va “Lokomotiv” istirohat bog‘larida Navro‘z tantanalari bilan birga #NavrUZ heshtegi ostida aksiyalar tashkillashtiriladi. Shuningdek, butun Respublika bo‘ylab viloyat markazlaridagi sayilgohlar, istirohat bog‘larida rejalashtirilgan “E-yoshlarda Navro‘z” virtual bayram aksiyasi o‘tkaziladi.
Internet foydalanuvchilari ham #NavrUZ heshtegi doirasida Navro‘z bayrami va milliy qadriyatlar aks etgan foto, video, audio va matn ko‘rinishidagi materiallarni “E-yoshlar.uz” saytiga joylash va keng ommaga taqdim etish imkoniyatiga egalar.
Aksiya Toshkent vaqti bilan soat 12:00 da boshlanib, 24:00 gacha davom etadi.
Izoh (0)