Rossiyalik bokschi Grigoriy Drozd jarohati sabab chempionlik kamarini himoya qilish bo‘yicha kongolik Ilunga Makabuga qarshi jangni ikkinchi marta bekor qilgani uchun unvonidan mahrum etildi. Bigmir)net xabariga ko‘ra, sog‘ayishi cho‘zilib ketgan Drozd endilikda “ta’tildagi chempion” maqomini olgan.
Drozddan bo‘sh qolgan unvon uchun Ilunga Makabu britaniyalik Toni Bellyuga qarshi ringga ko‘tariladi. Jangning qachon va qayerda bo‘lishiga yaqin kunlarda oydinlik kiritiladi.
Bellyu WBC reytingida 6-o‘rinni egallab turibdi. Britaniyalik promouter Eddi Xern chempionlik kamari uchun jangni Bellyu tug‘ilgan Liverpul shahrida o‘tkazish istagida ekanligini ma’lum qildi.
Kongolik Makabu professional boksda hozirga qadar 19 ta jang o‘tkazgan bo‘lsa, shularning 18 tasida raqiblarini nokautga uchratgan. Bellyu esa o‘zi ishtirok etgan 26 ta jangning 16 tasini muddatidan oldin g‘alaba bilan yakunlashga muvaffaq bo‘lgan.
Izoh (0)