Futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar Ligasi nimchorak final javob uchrashuvlari doirasidagi “Barselona” — “Arsenal” uchrashuvidan keyin mezbonlar ustozi Luis Enrike shogirdlarini qo‘llab turgan muxlislarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi, deya xabar bermoqda UEFA rasmiy sayti.
Ma’lumot uchun, 16-mart, chorshanba kuni “Kamp Nou” stadionida bo‘lib o‘tgan “Arsenal”ga qarshi o‘yinda “Barselona” 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Londonda kechgan birinchi uchrashuvda ham Kataloniya klubi zafar quchgan edi.
“Biz chorak finalga ketma-ket to‘qqizinchi bor yo‘l oldik. Shunday natijaga erishgan boshqa bir jamoa bor deb o‘ylamayman”, — dedi Luis Enrike. Shuningdek, u “Barselona”ning sobiq ustozi Xosep Gvardiolaning ham chorak finalga yo‘l olgani bilan tabrikladi.
“Pep uchun xursandman. U muvaffaqiyatga munosib, uning jamoalari hech qachon taslim bo‘lmaydi. ‘Bavariya’ va ‘Yuventus’ chempionlik uchun da’vogar jamoalar edi. Endi ulardan biri safdan chiqdi va bu albatta yaxshi”, — dedi Luis Enrike.
“Raqib darvozasi oldida xavf tug‘dirish borasida Messi, Neymar va Suares yaxshi tashkilotchi. Ularning ortida esa butun bir jamoa mehnat qilmoqda. Bizda juda ajoyib futbolchilar bor. Ularning har biri maydonda aqlbovar qilmas ishlarni amalga oshira oladi, har biri individual kuchli. Shunga qaramay ularning hammasi jamoa uchun o‘ynaydi. Muvaffaqiyatlarimiz siri ham shunda”, — dedi “Barselona” ustozi.
YeChLning chorak finaliga qur’a tashlash marosimi 18-mart kuni bo‘lib o‘tadi. Luis Enrike qur’a natijasi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, undan mamnun bo‘lishini qayd etib, o‘zi duch kelishni xohlamaydigan yagona jamoa “Barselona” ekanini bildirdi.
Izoh (0)