Ertaga, 16-mart kuni Osiyo Chempionlar Ligasi 3-turida Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi o‘z maydonida Eronning “Zob Ahan” klubiga qarshi bahs olib boradi. Bo‘lajak uchrashuv oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida “Zob Ahan” ustozi Yahyo Gulmuhammadi va himoyachi Hadi Muhammadi ishtirok etdi. Bu haqda “Bunyodkor” matbuot xizmati xabar bermoqda.
- Eng avvalo, “Bunyodkor”ga ajoyib mehmondo‘stlik uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. O‘yinga keladigan bo‘lsak, bizni qiyin bahs kutib turibdi. Raqib jismonan va texnik jihatdan juda kuchli futbolchilarga ega. Agar biz g‘alaba qozonishni istasak, u holda e’tiborni bir zumga ham susaytirmay, xato qilmasligimiz kerak. Gol urish uchun esa to‘pni ko‘proq o‘zimizda saqlab turishimiz va yaratilgan har qanday imkoniyatdan samarali foydalanishimiz kerak. Umuman olganda, ertaga muxlislar uchun juda chiroyli o‘yin namoyish etiladi, deb o‘ylayman. “Bunyodkor” judayam hurmatga loyiq jamoa. Ularga ham g‘alaba suv va havodek kerak, — deydi Yahyo Gulmuhammadi.
- Hammaga salom! “Bunyodkor”ni judayam kuchli jamoa deb bilamiz. Raqibning himoya chizig‘i juda ham tartibli o‘yin namoyish qiladi. “Zob Ahan” juda yosh jamoa. Biz ertangi bahsga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Shu bois, eng yaxshi o‘yinlarimizdan birini namoyish qilishga tayyormiz, — deydi Hadi Muhammadi.
Shundan so‘ng, “Zob Ahan” ustozi jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Eron klublari ko‘proq himoyaga e’tibor qaratishadi. Ertaga ham ko‘proq himoya chizig‘iga e’tibor qaratasizlarmi?
- Futbolda eng asosiysi tartibli o‘yin ko‘rsatish. Biz ham shu jihatdan kelib chiqqan holda, himoyani mustahkam ushlab, qarshi hujumlardan foydalanishga harakat qilamiz.
- “Bunyodkor” safida eng xavfli futbolchi deb, kimni aytgan bo‘lardingiz?
- Raqibning uchta hujumkor futbolchisini alohida ta’kidlab o‘tishni istardim. Bu “trio” (Dostonbek Hamdamov, Eldor Shomurodov, Zabihillo O‘rinboyev) har qanday vaziyatdan ham gol urishga intiladigan, kurashuvchan yigitlar. Biz asosan ularni zararsizlantirishimiz kerak.
- “Zob Ahan” ikki uchrashuvda atigi bitta gol urdi. Bu sizni tashvishga solmayaptimi?
- Futbolda bitta gol to‘rt ochko olib kelishi ham mumkin.
Ertaga, 16-mart kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadigan “Bunyodkor” – “Zob Ahan” uchrashuvi 18:00 da boshlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, OChL “B” guruhi 2-turidan so‘ng “Zob Ahan” 4 ochko bilan ikkinchi, “Bunyodkor” esa 1 ochko bilan uchinchi o‘rinni band qilib turibdi.
Izoh (0)