Ingushetiyada Checheniston bilan chegara yaqinida jurnalistlar va huquq himoyachilariga hujum uyushtirilishi holati bo‘yicha yangi jinoiy ish qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda “RBK” Rossiya Ichki ishlar vazirligining Ingushetiya Respublikasi bo‘yicha Tergov boshqarmasiga tayanib.
Ish Rossiya Jinoyat kodeksining 162-moddasi 2-qismi (shaxslar guruhi tomonidan qurol yoki qurol sifatida foydalaniladigan buyumlarni ishlatgan holda birovning mulkini o‘g‘irlash maqsadida hujum uyushtirilishi) bo‘yicha qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, 9-mart kuni “Qiynoqlarning oldini olish qo‘mitasi” tomonidan uyushtirilgan press-tur doirasida Ingushetiya va Chechenistonga borgan qo‘mita xodimlari, norvegiyalik va shvetsiyalik jurnalistlar, The New Times hamda “Mediazona” muxbirlari, jami 8 kishidan iborat guruh ikki respublika chegarasida o‘ndan ortiq niqobli, tayoq ushlagan shaxslar tomonidan kaltaklandi, ular tushgan mikroavtobus esa yoqib yuborildi.
Ingushetiya IIV voqea yuzasidan “bezorilik” va “mulkni qasddan yo‘q qilish yoki unga ziyon yetkazish” moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Ammo, “Mediazona” bosh muharriri Sergey Smirnovning so‘zlariga qaraganda, bu moddalar bo‘lgan voqeaning asl mohiyatini aks ettirmaydi.
Izoh (0)