Koreya fan va texnologiya ilg‘or instituti (Korea Advanced Institute of Science and Technology, KAIST) delegatsiyasi 29-fevral kuni Toshkent shahridagi Inha universitetiga tashrif buyurdi. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar bermoqda.
Delegatsiyaga KAIST’ning moliya fakulteti rahbari Jan-ku Kang boshchilik qildi. Delegatsiya tarkibida KAIST bosh ma’muri Bokyung Kang va ma’mur Ji-xe Kinglar ham bor edi.
Ta’kidlash kerakki, KAIST Koreya Respublikasining ta’lim va tadqiqot bo‘yicha yetakchi o‘quv yurtlaridan biridir. U 1971-yilda Koreya hukumati tomonidan birinchi milliy fan, tadqiqot va texnika instituti sifatida tashkil etilgan.
KAIST delegatsiyasining Toshkent shahridagi Inha universitetiga tashrifidan maqsad Janubiy Koreya universitetining xorijdagi ilk filiali faoliyati bilan tanishishdir.
Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sherzod Shermatov KAIST delegatsiyasini qabul qildi. Uchrashuv davomida Koreya delegatsiyasi Toshkent shahridagi Inha universiteti tarixi va faoliyati haqida ma’lumot oldi. Toshkent shahridagi Inha universitetida o‘quv jarayoni Koreya Respublikasidagi Inha universiteti zamonaviy va xalqaro ta’lim standartlari asosida olib boriladi, dedi rektor.
Uchrashuv vaqtida Toshkent shahridagi Inha universiteti KAIST bilan mahalliy professorlar malakasini oshirish va maqsadli tayyorlashda hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini qayd etdi. Tomonlar boshqa masalalarni ham muhokama etdi.
Uchrashuv so‘ngida Jan-ku Kang universitet tashriflar kitobiga o‘zining iliq tilak va istaklarini yozib qoldirdi. Delegatsiya vakillari Toshkent shahridagi Inha universitetida talabalar va o‘qituvchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan ham tanishdi.
Izoh (0)