Aktyor Javohir Zokirov “Baron” filmining davomi suratga olinishini ishonch bilan ta’kidladi. Bu haqda aktyor “Darakchi” nashri tomonidan tashkil etilgan “Yulduz-onlayn” loyihasida ma’lum qildi.
Loyihada nashr o‘quvchilaridan biri tomonidan berilgan: “‘Baron’ filmi ‘videoqaroqchilar’ tomonidan tarqatib yuborilganidan so‘ng, rejissor Rustam Sa’diyev uning davomini suratga olarmikin?”, — degan savolga, Javohir Zokirov: “‘Baron’ filmining davomi har qanday vaziyatda ham suratga olinadi”, — deb javob berdi.
Ma’lumot uchun, rejissor Rustam Sa’diyev tomonidan suratga olingan va 2016-yil yanvarida katta ekranlarga chiqqan “Baron” filmida aktyor Javohir Zokirov asosiy rollardan biri — Milliy xavfsizlik xizmati zobiti rolini ijro etgan.
Avvalroq Rustam Sa’diyev tomoshabinlarni “Baron” filmini kinoteatrlarda tomosha qilishga chaqirgan edi. “Filmning davomini suratga olishim va o‘zbek kinosining yanada rivojlanishi, shubhasiz, kinoteatrlarga kelayotgan tomoshabinlarga bog‘liq”, — degandi rejissor.
Javohir Zokirov so‘nggi ikki yil ichida “Baron”dan tashqari, Rustam Sa’diyevning boshqa bir filmi — “Sotqin”da ham suratga tushdi. “Sotqin”ning namoyishlari bo‘lib o‘tganidan so‘ng, Javohir Zokirov mazkur filmning davomi olinishi mumkinligini aytib o‘tgan edi.
Izoh (0)