Hindiston shimolidagi Xaryana shtatidagi ommaviy tartibsizliklar natijasida kamida 10 kishi halok bo‘ldi, 200 ga yaqin kishi jarohat oldi. Bu haqda Xaryana politsiyasi boshlig‘i Yash Pal Singal ma’lum qildi, deb xabar beradi “TASS”.
“Tartibni saqlash kuchlari isyonchilarga qarata o‘t ochishga majbur bo‘lmoqda, chunki so‘nggi kunlarda namoyishlar o‘z ortidan o‘g‘rilik va o‘t qo‘yishni yetaklab kelayotgan ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketmoqda”, — dedi politsiya boshlig‘i. Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘qnashuvlar natijasida o‘ndan ortiq politsiyachi ham jabrlangan.
Bir hafta oldin jat tabaqasi vakillari hukumatdan davlat apparati va o‘quv muassasalarida ularga ko‘proq joy ajratishni talab qilib, namoyishlar o‘tkaza boshladi. 19-fevral, juma kuni ommaviy to‘qnashuvlar boshlanib ketdi. Tayoq va xipchin bilan qurollangan, tajovuzkor kayfiyatdagi olomon bankomatlarni ochmoqda, do‘kon va maktablarni o‘marib, ularga o‘t qo‘ymoqda. Bundan tashqari, bir qator yo‘llarni to‘sib, ularni egallab olmoqda.
Eng kuchli norozilik aksiyasi sakkizta okrugda kechmoqda. Roxtak okrugida komendantlik soati joriy qilingan, xavfsizlik kuchlariga zarurat tug‘ilganda ogohlantirishsiz o‘t ochishga buyruq berilgan.
Izoh (0)