O‘tgan oyda yadro kelishuvi doirasida xalqaro sanksiyalar olib tashlangandan so‘ng Eron ilgari muzlatib qo‘yilgan 100 milliard dollarlik aktivlardan foydalanish huquqiga ega bo‘ldi. Bu haqda Eron hukumati matbuot kotibi Muhammad Bakir Nobaxt ma’lum qildi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.
So‘nggi bir necha yil ichida Eron nefti sotuvidan tushgan pulning katta qismi Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya va Turkiya banklariga kelib tushgandi. Bu mamlakatlar 2012-yilda kiritilgan g‘arbning sanksiyalari tufayli mablag‘lardan foydalanish imkoniyatini vaqtincha cheklab qo‘ygandi.
Bundan tashqari, 1-fevral, dushanba kuni tongdan boshlab Eronning to‘qqizta banki SWIFT xalqaro to‘lov tizimiga qaytadan ulandi.
Eslatib o‘tamiz, sanksiyalar bekor qilingandan so‘ng, Eron yanvar oyi davomida Yevropa va Osiyodagi xaridorlarga oltita supertanker neftni sotishga ulgurdi.