“YuKOS”ning sobiq rahbari Mixail Xodorkovskiyga nisbatan ochilgan yangi jinoiy ish bo‘yicha tergov muddati 30-iyulgacha uzaytirildi. Bu haqda tergovga yaqin manbaga tayanib, “TASS” ma’lum qildi, deb xabar beradi Meduza.
“YuKOS” neft kompaniyasi rahbariyati a’zolariga nisbatan jinoiy ish 1998-yilda ochilgan. Ish doirasida “YuKOS” rahbariyati 1998-yilda Nefteyugansk meri Vladimir Petuxovni o‘ldirganlikda va 1999-yilda “Ist Petroleum Xandelsgez” kompaniyasi boshqaruvchisi Yevgeniy Ribinning hayotiga suiqasd qilishga urinishda gumon qilindi.
2007-yilda “YuKOS”ning ichki iqtisodiy xavfsizlik xizmati rahbari Aleksey Pichugin bu jinoyatlarda aybdor deb topildi va umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.
2015-yil iyun oyida RF Tergov qo‘mitasi bu ish bo‘yicha tergovni qayta tikladi. Dekabr oyida “YuKOS”ning sobiq rahbari Mixail Xodorkovskiyga nisbatan sirtdan ayblov qo‘yildi. Keyinroq u sirtdan hibsga olindi va xalqaro qidiruvga berildi.
Mixail Xodorkovskiy moliyaviy firibgarliklar va soliq to‘lashdan qochishda aybдlanib, o‘n yilga yaqin hibsda saqlandi va 2013-yilning oxirida koloniyadan ozod qilindi. Xodorkovskiy ozodlikka chiqishi bilan Rossiyani tark etdi.
Izoh (0)