Tailandda yo‘lovchi poyezdining yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketishi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, 30 nafargacha odam yaralandi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar beradi.
Mahalliy hukumatning ma’lum qilishicha, Bangkokdan janubdagi Pxetburi viloyatida qoramol olib ketayotgan yuk mashinasi shlagbaumni buzib o‘tib, poyezdga borib urilgan.
“Beshta vagon relslardan chiqib ketgan. Hozircha uch kishining halok bo‘lganligi, 20 dan 30 nafargacha odamning kasalxonaga joylashtirilganligi haqida ma’lum qilindi”, — deydi mamlakat temiryo‘l boshqarmasi rahbar o‘rinbosari Txanongsak Kongprasert.
To‘qnashuv qurbonlaridan biri yuk mashinasining haydovchisi, qolgan ikki nafari poyezd yo‘lovchisidir.
Fojia sabablarini aniqlash yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)