AQSh harbiylarining Iroqning Kirkuk provinsiyasi hududiga joylashtirilgani haqidagi ma’lumotlarni Iroq va Suriyada IShIDga qarshi kurashayotgan AQSh qo‘shinlarining rasmiy vakili, polkovnik Stiv Uorren rad etdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“Bu ma’lumot uydirma. Menimcha, bunday gaplar AQSh boshchiligidagi koalitsiya va Iroq hukumati o‘rtasiga nifoq solmoqchi bo‘lgan kimsalar tomonidan tarqatiladi. Agar biz o‘z kuchlarimizni qayergadir jo‘natmoqchi yoki operatsiya o‘tkazmoqchi bo‘lsak, buni Iroq hukumati bilan kelishib olgandan keyingina amalga oshiramiz”, — dedi Stiv Uorren.
Polkovnik Uorren Er-Ramadi shahrining Iroq qurolli kuchlari tomonidan qutqarilishiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda shaharda necha kishi qolganligi to‘g‘risida aniq raqamlar yo‘q.
“400 ga yaqin aholi boshpana izlab, Er-Ramadi munitsipalitetiga keldi va Iroq xavfsizlik kuchlari ularni qabul qildi”, — dedi Uorren. Uning qo‘shimcha qilishicha, Iroq hukumati qo‘shinlari tirik qolgan va jangarilardan berkinib olgan shahar aholisini izlashda davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, 28-dekabr, dushanba kuni Iroq armiyasi Er-Ramadi shahri IShID jangarilaridan ozod etilganini e’lon qildi.
Izoh (0)