Ebola bezgagining G‘arbiy Afrika mamlakatlarida tarqalishi to‘xtadi. 29-dekabr, seshanba kuni Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mintaqadagi davlatlar orasida ushbu kasallikdan qutilgan so‘nggi mamlakat Gvineya bo‘lganligini ma’lum qildi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.
Gvineyada 42 kun ichida Ebola bilan kasallanishning bironta yangi holati qayd etilmadi. Oldinroq Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Liberiya va Syerra-Leoneda o‘limga olib keluvchi ushbu virus tarqalishi to‘xtaganini ma’lum qilgan edi.
Kasallik tarqalishi 2013-yil dekabr oyida Gvineyaning Gekedu qishlog‘ida boshlangandi. O‘shandan buyon Eboladan Gvineyada 2500 dan ortiq odam halok bo‘lib, 3800 kishi virusni yuqtirib olgani qayd etildi. Keyinchalik kasallik qo‘shni davlatlarga tarqala boshladi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 11 300 kishi kasallik qurboniga aylangan, 28 600 kishi virusni yuqtirib olgan. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Ebola bilan kasallanganlar soni qayd etilgan holatlardan ancha ko‘p, deb hisoblamoqda.
Izoh (0)