Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov Turkiya OAVlarining unga nisbatan suiqasd uyushtirilganligi haqidagi xabarlarini rad etdi. Bu haqda “RIA Novosti” bergan ma’lumotlarga asosan “Gazeta.ru” xabar qilmoqda.
“Men xizmat safari bilan Moskvada bo‘lganimda, Turkiyaning markaziy telekanallari menga nisbatan suiqasd uyushtirilganligini, men yaralanib shifoxonaga tushganligimni ma’lum qilgan. Garchand, bu xabar mutlaqo asossiz bo‘lsa-da, undan turli xil OAVlar foydalangan. Ular hozirgacha bu mavzuni uzluksiz namoyish etib, muhokama qilmoqda”, ― dedi Qodirov.
Checheniston rahbarining ta’kidlashicha, unga nisbatan qarshi mazmundagi ma’lumotlarning chop etilishiga, uning turkiyalik harbiylar tomonidan urib tushirilgan Su-24 samolyoti bo‘yicha qat’iy nuqtai nazarni egallab turganligi sabab bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, noyabr oyining boshlarida Qodirov unga nisbatan suiqasdning oldi olingani, suiqasd buyurtmachilari Suriyada ekanligini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)