Saudiya Arabistoni o‘z aksilterrorchilik koalitsiyasini tuzganini e’lon qildi, deya xabar bermoqda “RBK” ularning qo‘shma bayonotiga tayanib. Unga 34 ta mamlakat kirdi. Koalitsiya shtabi Ar-Riyodda joylashadi.
“Bu mamlakatlar Saudiya Arabistoni boshchiligida terrorizmga qarshi kurash uchun harbiy ittifoq tuzishga qaror qildi”, — deyiladi bayonotda. Unda ta’kidlanishicha, koalitsiya maqsadi “islom millatlarini nomlaridan qat’i nazar, o‘lim urug‘ini sochuvchi va begunohlarga dahshat soluvchi barcha terrorchilik guruhlari va tashkilotlari yovuzligidan himoya qilishdan iborat”.
Koalitsiyaga Saudiya Arabistoni, Iordaniya, BAA, Pokiston, Bangladesh, Bahrayn, Benin, Turkiya, Chad, Togo, Tunis, Jibuti, Senegal, Sudan, Syerra-Leone, Somali, Gabon, Gvineya, Falastin, Komor orollari Federal Islom Respublikasi, Qatar, Kot-d’Ivuar, Kuvayt, Livan, Liviya, Mali, Maldiv orollari, Malayziya, Misr, Marokash, Mavritaniya, Niger, Nigeriya, Yaman, Uganda kirdi. Bundan tashqari, o‘ndan ortiq boshqa islom mamlakatlari Saudiya Arabistoni koalitsiyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Ayni paytda Saudiya Arabistoni Qatar, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya bilan birgalikda, AQSh tomonidan tashkil qilingan aksilterrorchilik koalitsiyasi a’zosi hisoblanadi. Saudiya Arabistoni, shuningdek, Bashar Asad hukumatiga qarshi chiqmoqda va Suriyadagi muxolifat guruhlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Izoh (0)