Turkiya sohillarida yuz bergan po‘rtana tufayli afg‘onistonlik muhojirlarni olib ketayotgan qayiq ag‘darilib ketib, olti nafar bola, jumladan, bir nafar chaqaloq cho‘kib ketdi. Qirg‘oq himoyasi xizmati sakkiz kishini qutqarib qolishga muvaffaq bo‘ldi, yana ikki kishi bedarak yo‘qolgani aytilmoqda, deya xabar beradi The Telegraph.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa Turkiya g‘arbidagi Chashma shahri atrofida yuz bergan. Qochoqlar Gretsiyaning Xios oroliga yo‘l olayotgandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, ayni paytda Turkiyada ikki milliondan ziyod suriyalik qochoq istiqomat qilmoqda. Yevroittifoq Anqaraga ularning hayot tarzini yaxshilash uchun qo‘shimcha 3 milliard yevro ajratishga va’da bergan, ushbu mablag‘ qochoqlar mamlakatda qolishi va Gretsiyaga yo‘l olmasligi uchun beriladi. Shuningdek, Yevrokomissiya raisi Jan-Klod Yunker ma’lum bir shartlar bajarilganidan so‘ng Ittifoq va Turkiya o‘rtasida 2016-yil kuzidan boshlab vizasiz tartib joriy etilishini ma’lum qilgan.
Izoh (0)