AQShda Red Bull Air Race — yengil motorli samolyot uchuvchilarining aviapoyga bo‘yicha jahon chempionati ikki karra g‘olibi Mayk Mengold aviahalokatda nobud bo‘ldi, deya xabar beradi “TASS”.
60 yoshli Mengold va hali shaxsi aniqlanmagan yana bir kishi 6-dekabr, yakshanba kuni L-39 o‘quv-jangovar samolyoti qulashi oqibatida halok bo‘lgan. Samolyot Los-Anjeles janubi-sharqidagi Eppl Velli aerodromidan parvoz qilganidan so‘ng hech qancha o‘tmay qulagan va portlagan. Halokat sabablari hozircha aniqlanmagan.
Mengold uzoq vaqt mobaynida American Airlines aviakompaniyasida sinovchi-uchuvchi bo‘lib ishlagan. Red Bull Air Race poygalarida 2005 va 2007-yillarda g‘olib bo‘lgan. Nafaqaga chiqqandan so‘ng mazkur musobaqalarni sharhlash va uchuvchilarga murabbiylik qilish bilan shug‘ullanayotgandi.
Izoh (0)